Turkiya: Dam olish maskanida chiqqan yong‘inda 66 kishi nobud bo‘ldi

Yong‘in chiqqan mehmonxona

Turkiyaning Bolu viloyatida joylashgan Qartalqaya chang‘i markazida chiqqan yong‘inda kamida 66 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda Hürriyet nashri ichki ishlar vaziri Ali Yerliqayadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Nashr qaydicha, yong‘in chog‘ida 50 dan ziyod odam tan jarohati olgan.

Yong‘in 237 kishi yashayotgan 12 qavatli mehmonxonaning restoranida kechasi soat 03.30 atrofida boshlangan. Bundan sarosimaga tushgan ikki kishi o‘zlarini derazadan tashlab, halok bo‘lgan. Ayrimlar adyol va choyshablarga o‘ralgan holda o‘z xonalaridan pastga tushishga harakat qilishgan.

Yong‘in sababi hozircha ma’lum emas – hukumat voqea tergovini olti nafar prokurorga topshirgan. Hodisa sodir bo‘lgan joyga o‘nlab o‘t o‘chirish mashinasi va 38 ta “tez yordam” mashinasi yo‘llangan.

Mehmonxona tog‘ yonbag‘rida joylashgani uchun qutqaruv ishlari qiyin kechgan. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni 10 soatdan keyin o‘chirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Yong‘in sabablarini tekshirish chog‘ida mehmonxona egasi doxil to‘rt kishi qo‘lga olingan. Sud teleyoyin yopishi mumkin bo‘lgan OAVga voqeani yoritishni taqiqlab qo‘ygan, bu sodir bo‘lgan hodisa uchun dalil to‘plashni ta’minlash zarurligi bilan izohlangan.

Qartalqayadagi boshqa mehmonxonalarda yashayotgan dam oluvchilar ehtiyotan evakuatsiya qilinib, voqea joyidan uncha uzoq bo‘lmagan yerdagi mehmonxonalarga joylashtirilgan.