Vashington AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning lavozimga kirishishi − inauguratsiya marosimiga hozirlanmoqda. Mazkur marosim an’anaga muvofiq ravishda 20-yanvar kuni Vashington vaqti bilan soat 12:00 da (Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da) bo‘lib o‘tadi.
AQSHning 45-prezidenti bo‘lgan va endilikda 47-prezidentiga aylanadigan Tramp avvalroq mamlakat poytaxtiga yetib kelgan. Yakshanba kuni u Respublikachilar partiyasidan bo‘lgan senatorlar bilan nonushta qilgan, keyin esa Arlington milliy qabristonida gulchambar qo‘yish marosimida ishtirok etgan. Mazkur marosimda Trampning oila a’zolari, saylangan vitse-prezident Jey Di Vens va yangi ma’muriyat a’zolari qatnashishgan.
19-yanvar kuni AQSH poytaxtida Donald Tramp tarafdorlarining mitingi bo‘lib o‘tgan. Ayni paytda shu kuni Vashington va boshqa shaharlarda Trampga qarshi bo‘lganlar ham mitinglar uyushtirishgan. Ular abort huquqini dastaklab chiqishlar qilishgan, Trampning iqlim o‘zgarishi va immigratsiya muammolariga oid qarashlarini tanqid qilishgan.
“Amerika ovozi” rus xizmatining qaydicha, kechagi norozilik chiqishlari Tramp ilk bor prezidentlik lavozimiga kirishgan 2017-yildagi mitinglarchalik keng ko‘lamli bo‘lgan emas. O‘sha paytda Vashingtondagi “Ayollar marshiga 100 mingdan ziyod odam yig‘ilgan edi, bu safar esa aksiyada bir necha ming kishi qatnashgan, xolos.
AQSHning 47-prezidentini qasamyodga keltirish marosimi yopiq joyda − Kapitoliy Rotondasida (bino qubbasi ostidagi joy) o‘tkaziladi. Inauguratsion nutqini ham Tramp shu joyda irod qiladi. Odatdan tashqari bu ish AQSH tarixida ilk bor kuzatilayotgani yo‘q − 40 yil avval prezident Ronald Reygan ham ikkinchi muddati oldidan yopiq binoda qasamyodga keltirilgan.
Tramp marosim joyining o‘zgartirilishini ob-havoning o‘ta sovuqligi bilan izohlagan. Taxminlarga ko‘ra, dushanba kuni Tramp qasamyodi chog‘ida Vashingtonda havo harorati - 7 darajada sovuq bo‘ladi, biroq shamol tufayli bu sovuq yanada kuchliroq his etiladi, deya qayd etgan “Amerika ovozi”.
Trampga ko‘ra, uning tarafdorlari marosimni 20 ming kishi sig‘adigan Capital One Arena'dagi ekranlardan kuzatib borishlari mumkin. Inauguratsiyadan keyingi an’anaviy parad ham o‘sha joyda o‘tkaziladi. Ayni paytda inauguratsiya marosimini tomosha qilish uchun Vashingtonga Trampning 200 mingdan ziyod tarafdori kelgani aytilmoqda.
Inauguratsiya marosimida qator davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilyapti. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, Tramp marosimga Xitoy rahbari Si Szinpinni ham chaqirgan, biroq marosimda XXRni Sining o‘rinbosari Xan Chjen tamsil etadi. Bu avvalda ko‘rilmagan holat, chunki oldinlari inauguratsiya marosimida faqat xitoylik elchilar ishtirok etardi. AQSH prezidentini qasamyodga keltirish marosimida Rossiyadan hech bir yuqori lavozimli mulozim ishtirok etmaydi.
Respublikachilar partiyasi nomzodi bo‘lgan Donald Tramp o‘tgan yilning 5 noyabrida bo‘lib o‘tgan saylovda demokratlar nomzodi Kamala Harris ustidan g‘alaba qozongan. 78 yoshli Tramp lavozimga kirishgan paytda AQSHning eng yoshi katta prezidentiga aylanadi. Amaldagi prezident Jo Bayden ham lavozimga kirishgan paytda 78 yoshda bo‘lgan, biroq u noyabr oyida tug‘ilgan, Tramp esa iyun oyida dunyoga kelgan.