Линклар

Шошилинч хабар
22 январ 2025, Тошкент вақти: 20:52

"Islohotchilar va ularga qarshi kuchlar o‘rtasidagi kurash". Xalqaro matbuot Allamjonovga suiqasd haqida


Komil Allamjonovga suiqasddan qariyb uch oy o‘tib o‘zbek rasmiylari uning motivlari borasida biron izoh bergani yo‘q. Kollaj
Komil Allamjonovga suiqasddan qariyb uch oy o‘tib o‘zbek rasmiylari uning motivlari borasida biron izoh bergani yo‘q. Kollaj

O‘tgan yilning 26-oktyabrida O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd xalqaro matbuotda O‘zbekistondagi siyosiy hokimiyat uchun parda ortidagi kurash bilan bir qatorda Mirziyoyev atrofidagi islohotchi va sobiq rejim tarafdorlari o‘rtasidagi ziddiyat sifatida talqin qilinmoqda.

“Novaya gazeta” mazkur jinoyatda Toshkentdagi norasmiy “Ofis”ning ehtimoliy rolini tahlil etgan bo‘lsa, The Diplomat nashri suiqasdga qadar Allamjonovni AQSH sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishga urinish tafsilotlariga o‘rin bergan. Newsmax ta’kidicha esa, Qo‘shma Shtatlar hukumati suiqasd hodisasiga “milliy xavfsizlikka daxldor” masala sifatida e’tibor qaratishi kerak.

“Amalga oshmay qolgan fitna”

Ozodlik O‘zbekistonning yaqin tarixidagi eng shov-shuvli siyosiy qotillikka urinish mavzusida qator surishtiruvlar e’lon qilib kelmoqda. Ushbu surishtiruvlar The Diplomat jurnalida 10-yanvar kuni chop etilgan maqola uchun asosiy manbalaridan biri bo‘lganini ko‘rish mumkin.


2024-yil dekabr oyida BAAning Dubay shahrida hibsga olingan O‘zbekiston vatandoshi Ulug‘bek Shodmonov 8-yanvar kuni Toshkentga ekstraditsiya qilindi.

Toshkentdagi norasmiy “Ofis” bilan bog‘liq surishtiruvlarda nomi o‘rtaga chiqqan Shodmonov Prezident davlat xavfsizlik xizmati rahbarining endilikda sobiq o‘rinbosari Otabek Umarov atrofidagi muhim shaxs deb ishoniladi.

Shodmonovning O‘zbekistonga topshirilishi Toshkentda Allamjonov suiqasd ishi bo‘yicha yopiq mahkama boshlangan paytga to‘g‘ri keldi.

Shodmonov himoyasiga e’lon qilingan maqolada uning mazkur suiqasdga oid jinoyat ishiga jalb etilishi ehtimolidan xavotir bildirilgan.

Londonda joylashgan Detained in Dubai tashkiloti “muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkor Shodmonov BAAdan O‘zbekistonga noqonuniy ravishda ekstraditsiya qilingani” haqida bayonot bergan. Advokatlari tadbirkorga qarshi ayblovlar siyosiy ekani va u O‘zbekiston hibsxonasida qiynoqqa tutilishini ham iddao qilishgan.

“Ammo The Diplomat nashri ixtiyoridagi, Shodmonov Dubayda hibsga olinganidan bir necha oy avvalgi sanalarga mansub maktublar butkul boshqa holatga shohidlik beradi. Unga ko‘ra, Shodmonov noqonuniy hamlaga nishonga bo‘lgan jabrdiyda emas, balki AQSH sanksiyalar tizimini manipulyatsiya qilishga urinish amaliyoti ishtirokchisidir. Pirovardida amalga oshmay qolgan ushbu harakat mamlakatdagi siyosiy kurashlarda muxolif lagerga mansub o‘zbek mulozimlarini jazolashga qaratilgan edi”, deb yozadi maqola muallifi Ketrin Puts.

Maqolada 2024-yil sentyabrga qadar Prezident administratsiyasida axborot siyosatiga mas’ul bo‘lgan Allamjonovni yomonotliq qilish kampaniyasi amalga oshirilganiga e’tibor qaratilgan.

“2024-yil mobaynida Allamjonovni internetda obro‘sizlantirish kampaniyasi uyushtirildi, jumladan, u ishdan haydalib, xorijga qochib ketgani haqida ovoza tarqatildi. Bir necha oy o‘tib, Toshkentda Allamjonovning mashinasi o‘qqa tutildi. Bu esa uni obro‘sizlantirish yoki jazolashga qaratilgan urinishlar ish bermagani va yanada keskin choralarga kirishilganidan dalolat beradi”, deb yozadi muallif.

Ozodlik avval xabar berganidek, o‘tgan yil dekabr oyida Armaniston vatandoshi bo‘lgan tadbirkor Ovik Mkrtchyan Ulug‘bek Shodmonov va uning hamkori Stanislav Satskin uning noqonuniy hibsga olingani, hatto qiynoq qo‘llanishiga aloqadorligini iddao qilib, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga shikoyat arizasi kiritgan.

Mkrtchyan, boshqa bizneslar qatorida, London va Toshkentda ofislarga ega Gor Investment Limited investitsiya kompaniyasining asoschilaridan bo‘lib, kompaniyaning maslahat kengashi a’zosi ham hisoblanadi.

GOR Investment Limited maslahat kengashi tarkibidan, shuningdek, AQSH sobiq davlat kotibi va Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq direktori Mayk Pompeo, AQSH sobiq energetika vaziri va Texas gubernatori Rik Perri hamda sobiq AQSH diplomati Tomas Shennonlar ham o‘rin olgan.

“2024-yil 17-yanvarda meni DXX xodimlari hibsga olishdi. Qilmagan jinoyatlarimga iqror bo‘lishim uchun 85 kun mobaynida menga bosim qilindi, qiynoqlar qo‘llandi, meni va butun oila a’zolarimni Interpol qidiruviga berishdi... Hibsga olinishimning asl sababi shuki, 2023-yil boshlarida Ulug‘bek Shodmonov degan shaxs menga tanish bo‘lgan Stanislav Satskin orqali mendan maslahat kengashim a’zolari – janob Mayk Pompeo hamda Tom Shennon AQSH ma’muriyati tarafidan O‘zbekiston boshqaruvidagi ikki yuqori martabali mulozim – Li Dmitriy Romanovich (O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori – tahr.) va Allamjonov Komil Ismoilovichga bosim o‘tkazib, keyinchalik ularning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishini talab qildi. Men bu talabni bajarishdan bosh tortdim”, degan Ovik Mkrtchyan Mirziyoyevga murojaatida.

The Diplomat yozishicha, 2024-yil 18-yanvar, 2-aprel va 10-aprel kunlari GOR Investment maslahat kengashi a’zolari tomonidan Mirziyoyevga yo‘llangan murojaatnomalarda ham Mkrtchyan Shodmonovning talabini bajarmagani uchun soxta ayblov bilan qamalgani urg‘ulangan.

“Ayni paytda biz na siyosiy, na huquqiy nizomga muvofiq keladigan qaltis vaziyatga guvoh bo‘lmoqdamiz: tadbirkor O‘zbekiston Respublikasining yuqori martabali mulozimlarini yo‘q qilish uchun o‘z kanallaridan foydalanmoqda va sanksiya bosimi o‘tkazish imkoniga ega xorijiy muassasalar bilan aloqa o‘rnatmoqda. Bu jarayonda u o‘z shaxsiy manfaatlarini hukumat manfaatlaridan ustun qo‘ymoqda, boz ustiga, (DXXning) kaltabin xodimlarini ishga solgan holda hukumat va maxsus xizmatlar obro‘sini to‘kmoqda”, deyiladi 10-aprel kuni yo‘llangan maktubda.

Nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik sement ishlab chiqaruvchi kompaniya sanalgan United Cement Groupning 100 foiz ulushiga egalik qiluvchi Shodmonov nomi Toshkentda tadbirkorlar va mulozimlarga noqonuniy bosim o‘tkazib kelgani aytilgan norasmiy “Ofis” bilan yonma-yon yangramoqda.

“Davlat ichida ildiz otadigan yashirin tashkilotlar sirasiga kiruvchi O‘zbekistondagi “Ofis” ishbilarmonlar va mulozimlarga turli yo‘llar bilan, jumladan, O‘zbekistonning “yovvoyi g‘arb” blogosferasini o‘z yo‘rig‘iga solish orqali tuhmat kampaniyalari uyushtirgan. The Diplomat manbasi uni “davlat ichidagi davlat” deb atadi. Unga ko‘ra, “Ofis” qo‘rqitish orqali bizneslarni tortib olgan. Mishmishlarga qaraganda, “Ofis”ga Umarov boshchilik qilgan”, deb yozadi muallif.

The Diplomat Allamjonov “Ofis” faoliyatini fosh qilgani ortidan u va Otabek Umarov o‘rtasida ixtilof yuzaga kelgani haqidagi versiyani dastaklaydi. Ayni paytda nashr o‘z ixtiyorida Umarovni norasmiy “Ofis”ga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lovchi hujjat mavjud emasligini ta’kidlagan.

Maqolada Shodmonovning ikki mulozimni Vashington “qora ro‘yxati”ga kiritishga urinishi xavotirli tendensiya o‘laroq baholangan.

“Ushbu urinish amalga oshmay qolgani shunday harakat umuman sodir etilmagani yoki kelajakda yana sodir etilmasligini anglatmaydi”, deya xulosa yasaydi Ketrin Puts.

“Rossiya foydasiga monopollashuv”

“Novaya gazeta” Allamjonov suiqasdi ortidan O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish tizimida bir qator iste’folar hamda hibslar amalga oshirilganini qayd etarkan, yuzaga kelgan tarang vaziyatni “kuchishlatar tizimlardagi ichki urush” deb ataydi.

Nashrning yozishicha, hali qirqqa ham to‘lmagan Shodmonovning O‘zbekistonda yirik biznes imperiya barpo etgani siri oddiy: u Otabek Umarovdek qudratli shaxsga suyangan.

“Yaqingacha Prezident davlat xavfsizlik xizmati rahbari muovini lavozimida faoliyat yuritgan bu mansabdor mamlakatning butun kuchishlatar tizimini norasmiy ravishda nazorat qilgan. Izchil ravishda muqobil hokimiyat vertikalini shakllantirgan. Unga yaqin odamlar boshqaruv tuzilmalarida muhim lavozimlarni egallashgan va neft-gaz qazib olishdan to shakar, dori-darmon ishlab chiqarishga qadar – iqtisodiyotning butun boshli sektorlariga egalik qilishgan”, deb yozadi muallif Andrey Suxotin.

United Cement Group 2021-yilda O‘zbekistondagi eng yirik sement zavodlaridan biri “Qizilqumsement”ni sotib olgan. AQSH kongressmeni Uesli Xant ushbu tenderni shaffof emas, deya tanqid qilgan.

“2022-yil boshida Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo O‘zbekiston va Rossiyada faoliyat yurituvchi UCG O‘zbekiston hukumatining mamlakatdagi eng yirik sement zavodlaridan biridagi ulushini “shaffof” deb nomlangan bitim asosida sotib oldi. Ammo bu “shaffof” bitimning rasmiy tendersiz va sezilarli chegirma bilan amalga oshirilgani ayniqsa shubhali. Buning natijasida UCG kompaniyasi O‘zbekistondagi sement ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb 50 foizini nazorat paketiga ega bo‘ldi. Biz xususiylashtirish niqobi ostida Rossiya foydasiga monopollashuv guvohi bo‘lmoqdamiz”, degan amerikalik kongressmen.

“Novaya gazeta” Shodmonovni “nufuzli kuchishlatar guruhning bosh moliyachisi, Rossiya bilan mustahkam rishtalar orqali bog‘langan shaxs” deb ta’riflaydi.

Maqolada Allamjonov tomonidan “Ofis”ning fosh qilinishi unga qarshi suiqasdning sabablaridan biri, degan taxmin ilgari surilgan.

“Allamjonov mamlakatda islohotlarni targ‘ib etish bo‘yicha qizg‘in faoliyatdan tashqari, prezidentga “Ofis”ning suiiste’molchiliklari hamda ushbu qudratli tuzilma qahriga uchragan shaxslarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonliklar haqida muntazam ravishda axborot berib turgan”, deb yozadi muallif.

“Vashington Toshkentga suiqasd tergovida ko‘mak berishi kerak”

“Konstruktiv kelajak uchun qo‘mitasi” (CFACT) katta tahlilchisi Daggan Flanakin Newsmax nashrida chop etilgan maqolasida Allamjonov suiqasdini qattiqqo‘llik va islohot tarafdorlari o‘rtasidagi kurash sifatida talqin qilgan.

Muallif fikricha, mamlakatdagi ochiqlik siyosatiga muxolif bo‘lgan kuchlar suiqasdga urinish orqali islohotchilarni qo‘rqitish, demokratik o‘zgarishlarni sekinlashtirishni ko‘zlaganlar.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2024-yil 25-noyabr kungi xabarnomasida suiqasdga aloqadorlikda gumonlanib, qo‘lga olinganlar soni 7 kishiga yetgani, ulardan biri Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov ekani haqida ma’lum qilgandi.

Ozodlikning hukumatdagi manbasi Yunusovni Otabek Umarovning vodiy bo‘yicha “o‘ng qo‘li” ekanini iddao qilgan.

Keyinroq Toshkent suiqasd ishi doirasida Rossiya fuqarolari Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilgan. Bunga javoban Checheniston rahbari Ramzan Qodirov “hiyla-nayrang, bo‘hton va uydirma qilayotganlar javob berishi” haqida tahdidli bayonot bergan.

Flanakin “chechen izi” mavjud ushbu jinoyat ishiga shunchaki huquqiy protsess emas, balki yosh demokratik davlatdagi vaziyatni izdan chiqarish ko‘zlangan destruktiv harakat deb qarash lozim, deb hisoblaydi.

“AQSH dastagisiz O‘zbekistondagi aksilislohotchi kuchlar yanada kuchayishi va mamlakat islohotlardan chekinib, Putinning ekspansiya rejalari domiga tortilishi mumkin. Demokratik, barqaror va mustaqil O‘zbekiston AQSH milliy manfaatlariga muvofiq keladi. AQSH Allamjonov suiqasdini tergov qilishda O‘zbekistonga o‘z ko‘magini taklif etishi va hukumatni sud jarayoni ochiq bo‘lishiga chorlashi kerak”, deb yozadi Daggan Flanakin.

Tahlilchiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda Xitoy, Rossiya va Eronning ta’siri oshib borayotgan bir paytda AQSH prezidenti Donald Tramp O‘zbekistonga jiddiy e’tibor qaratishi, jumladan, mamlakatga tashrif buyurishi maqsadga muvofiqdir.

Ozodlikning huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga ko‘ra, DXX va IIVning sobiq tezkor xodimlari doxil o‘ndan ziyod sudlanuvchi jalb etilgan Allamjonov suiqasdi bo‘yicha sud majlisi Toshkent shahri harbiy sudida yopiq tarzda o‘tmoqda. Bu borada na Oliy sud, na Bosh prokuratura rasmiy ma’lumot e’lon qilgani yo‘q. Hozircha panjara ortidagi sudlanuvchilar va ularga qo‘yilayotgan ayblovlar ma’lum emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoki uning administratsiyasi vakillari hozirgacha siyosiy deb baholanayotgan 26-oktyabrdagi suiqasd yuzasidan biron bayonot bermaganlar.

O‘tgan yil kuzida administratsiyadagi lavozimini tark etgan va bundan buyon biznes bilan shug‘ullanishini aytgan Komil Allamjonovning o‘zi ham suiqasd motivlari borasida biron izoh berganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG