Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 00:16

"Bu yerda o‘tirish befoyda". AQSH-Meksika chegarasidagi muhojirlar


AQSH-Meksika chegarasi. Illyustrativ surat.
AQSH-Meksika chegarasi. Illyustrativ surat.

Meksika va AQSH chegarasidagi deportatsiya markazida hozirda Markaziy Osiyodan yuzlab muhojirlar saqlanmoqda. Ular orasida joriy yil mart oyida AQSH hukumatini o‘zini kamsitgani uchun sudga berganlar ham bor.

Da’voga imzo chekkan 280 nafar muhojir orasida Gruziya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa sobiq ittifoq mamlakatlaridan kelganlar bor. Ularning barchasi AQSHga Meksika orqali vizasiz kirgan. "Migrant Media" loyihasi jurnalistlari O‘zbekistondan AQSH va Meksika chegarasigacha bo‘lgan xavfli yo‘lni bosib o‘tib, oqibatda deportatsiya markaziga tushib qolgan o‘zbekistonliklarning qarindoshlarini topishdi.

Vaqtinchalik saqlash markazlarida saqlanayotgan o‘zbekistonlik muhojirlarning qarindoshlari muhojirlarning himoyalanish huquqlari cheklanayotgani, qamoqqa olishlar asossiz ekanini ta’kidlamoqda.

O‘zbekistonda tug‘ilgan Diyora (ismi xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirilgan) 53 yoshli onasining Meksikaga kelishidan oldin talangani, bor pulidan ayrilganini aytdi. U faqat boshqa muhojirlar yordami bilan tirik qolgan.

Мексика орқали АҚШга хатарли йўл ва депортация марказларидаги ўзбеклар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:11 0:00

Diyoraning onasi O‘zbekistondan Meksikaga borish uchun 40 ming dollarga yaqin pul sarflagan. O‘shandan beri, oradan yarim yil o‘tib, u deportatsiya markazida qolmoqda. Diyoraning o‘zi AQSHga Meksika orqali 3,5 yil oldin kelgan. U eri bilan Nyu-Yorkda yashaydi, o‘zi enaga bo‘lib ishlaydi, eri esa taksi haydovchisi.

Diyoraning aytishicha, deportatsiya markazidagi onasiga o‘zbek tarjimoni berilmagan:

"Xodimlar o‘zaro kulishardi. [Onam] sumkasidan dori so‘raganida, chunki uning qon bosimi ko‘tarilgandi, ular: "Dori nima deb ataladi?" deb so‘rashdi. U dorining nomini aytganda, ular kulib, mazax qilishdi. Onam ular haqorat qilayotganini tushunardi."

Advokat Abadir Barre va uning yordamchisi O‘tkir Rahmatullayev AQSHdagi muhojirlar bilan bog‘liq vaziyatni yaxshi bilishadi. Ularning fikricha, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga munosabat ikki asosiy sababga bog‘liq: Markaziy Osiyo aholisining tez-tez terror hujumlarini uyushtirishda ayblanishi va mintaqaning Rossiyaga geosiyosiy yaqinligi.

Abadir Barrening ta’kidlashicha, chegarani kesib o‘tganlar, agar jamiyatga tahdid solmasa, sudgacha ozod qilinishi mumkin. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlar o‘z maqomining noto‘g‘ri tasniflanishi tufayli ko‘pincha bu imkoniyatdan mahrum bo‘lishadi.

"Muhojirlar uch toifaga bo‘linadi: hujjatsiz, lekin chegarani kesib o‘tgan; hujjatsiz noqonuniy kirib kelgan; va hujjati bor, lekin ilgari jinoyat sodir etgan. Agar odam birinchi toifaga tushsa, uni sudga qadar qo‘yib yuborishlari kerak. Biroq, hukumat ularni qamoqda saqlash uchun atay boshqa toifalarga kiritmoqda," deya tushuntiradi advokat.

Advokat yordamchisi O‘tkir Rahmatullayevning ta’kidlashicha, odatda 3-4 oy davom etadigan jarayon 6-8 oygacha cho‘zilib ketmoqda, hatto dastlabki eshituvlar ham o‘z vaqtida tayinlanmayapti.

O‘zbekiston fuqarosi Maftunaning aytishicha, uning qarindoshi aprel oyi oxirida jo‘nab ketgan va iyun oyida AQSHga yetib kelgan. Biroq u yetti oydan beri deportatsiya markazida saqlanmoqda.

"Rahbariyat bilan uchrashishni so‘raymiz, lekin bizni e’tiborsiz qoldirishadi. Ko‘pincha: "Deportatsiya qilishni so‘rang, bu yerda o‘tirish befoyda," deyishadi," deydi Maftuna.

Deportatsiya markazlarida ushlab turilganlarning qarindoshlari tergov yakuniga qadar muhojirlarni ozod qilishni talab qilmoqda.

O‘zbekistonlik Anvarning (ismi o‘zgartirilgan) qarindoshi 8 oydan beri deportatsiya markazida qolmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, deportatsiya markazlarida o‘zbekistonliklar va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan muhojirlar juda ko‘p.

"Ularga shubha bilan qarashadi. Saipov kabilar tufayli o‘zbekistonliklarni potensial tahdid deb hisoblashadi," deydi u.

Anvar tilga olgan, asli o‘zbekistonlik Sayfullo Saipov 2017-yilda Nyu-Yorkda sakkiz kishining o‘limiga sabab bo‘lgan terror hujumini uyushtirgani uchun hibsga olingan. 2023-yilda Saipov sakkiz marta umrbod qamoq jazosiga va 260 yilga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etildi.

Markaziy osiyolik muhojirlar 2024-yil mart oyida Moskvadagi "Krokus Siti Xoll" konsert zalida sodir etilgan terror hujumida ham ayblanmoqda. Bundan tashqari, noyabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarida Isroil ravvinini o‘ldirishda gumon qilingan uch nafar o‘zbekistonlik hibsga olingan edi.

O‘tkir Rahmatullayevning fikricha, bunday hodisalar Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Rahmatullayev ta’kidlashicha, bu voqealardan so‘ng AQSH Markaziy Osiyo mintaqasidan kelgan migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirgan.

"Uylarda tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Bularni immigratsiya xizmatlari emas, balki terrorizmga qarshi kurashish bo‘linmalari amalga oshirmoqda. Bunday holatlar ko‘plab Tojikiston fuqarolari bilan yuz bermoqda yoki tojikistonliklar bilan aloqada bo‘lgan shaxslar tekshirilmoqda. Masalan, agar biror kishi shubha ostiga olinsa, u bilan aloqada bo‘lgan, pul olgan yoki berganlarning barchasi qo‘lga olinadi. Bunday odamlarning 90 foizi advokat yordamisiz ozodlikka chiqolmaydi," deydi O‘tkir.

Abadir Barrening fikricha, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar ustidan nazorat kuchayishi mintaqaning Rossiyaga yaqinligi bilan ham bog‘liq.

"Mening nazarimda, bu muammo birinchi navbatda Rossiya fuqarolariga, keyin esa sobiq SSSR mamlakatlari fuqarolariga taalluqli. Ular Tojikiston, O‘zbekiston yoki Qozog‘iston fuqarolarini kamsitmaydi. Bu rossiyaliklarga nisbatan siyosat bo‘lgani uchun u Markaziy Osiyo aholisiga ham ta’sir qiladi. Deportatsiya markazi xodimlari sobiq SSSR mamlakatlaridan kelganlarning barchasini "ruslar" deb atashadi. Bizga buni Luizianada aytishdi," deydi advokat.

Mart oyida "Ozodlik" AQSHda boshpana so‘rab murojaat qilganlarni kuzatib boruvchi notijoriy tashkilot – Tranzaksiya yozuvlarini tahlil qilish markazi (TRAC) ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyodan kamida 40 ming kishi hozirda sud qarorini kutayotganini xabar qilgan edi. Ularning aksariyati – 17 ming nafari O‘zbekiston fuqarolaridir.

Ўзбеклар АҚШда камситилаётганидан шикоят қилишди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:28 0:00

Deportatsiya markazlaridan kelgan 280 nafar migrant ustidan birinchi sud majlisi 2025-yil 3-yanvarda bo‘lib o‘tadi. AQSH Aholini ro‘yxatga olish byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 62 mingdan ortiq o‘zbekistonlik istiqomat qiladi, ulardan ikki mingdan ortig‘i AQSH fuqaroligini olgan.

O‘tgan yilning noyabr oyida AQSHning Toshkentdagi elchixonasi Qo‘shma Shtatlar Meksika bilan chegaradan noqonuniy ravishda kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga kiritmasligini ma’lum qilgan edi. Buning o‘rniga ular immigratsiya ishi hal etilgunga qadar qamoqda saqlanadi.

O‘tgan yilning 20-dekabrida AQSH hukumati 119 nafar O‘zbekiston fuqarosini Toshkentga qaytargan edi. Ushbu shaxslar Qo‘shma Shtatlarga turli noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelgani aytildi.

O‘tgan yili AQSH-Meksika chegarasini butun dunyodan 2,5 milliondan ortiq noqonuniy muhojir kesib o‘tgan.

XS
SM
MD
LG